Oʻzbek tilida qarashlilik-tegishlilik maʼnosining muayyan soʻzlar orqali ularning semantikasi taʼsirida yashirin ifodalanishi ham kuzatiladi. Bunday vaziyatda ushbu soʻzlar ishirokida tuzilgan gaplardan yashirin tarzda qarashlilik-tegishlilik maʼnosi anglashiladi. Qarashlilik-tegishlilik maʼnosining gapda yashirin tarzda voqelanishiga turtki beruvchi birliklarga ega, ega boʻlmoq, egalik qilmoq; ixtiyorida, izmida, tasarrufida, qaramogʻida kabilarni kiritish mumkin. Oʻzbek ti lida ega leksemasi va u ishtirokida yasalgan ega boʻlmoq, egalik qilmoq feʼl leksemalari orqali nutqda yashirin tarzda qarashlilik-tegishlilikni bildiruvchi axborot voqelanadi. Ega leksemasi koʻpmaʼnoli soʻz boʻlib, “narsa-predmetga ega” maʼnosida qoʻllanganda yashirin tarzda qarashlilik-tegishlilik maʼnosini ifodalaydi. Bunda ega leksemasi “egallangan predmet” tushunchasini anglatuvchi joʻnalish kelishigidagi ismlar bilan bogʻlanadi, “predmetni egallagan shaxs” tushunchasini bildiruvchi birlik esa bosh kelishikdagi ismlardan tarkib topadi. Masalan, Salim noyob qoʻlyozmaga ega gapidan noyob qoʻlyozmaning Salimga tegishli ekanligi anglashiladi. Bunda Salim – posessor, noyob qoʻlyozma – korrelyat, ega leksemasi esa qarashlilik-tegishlilik maʼnosini ifodalovchi vosita. Ammo bunday konstruksiyalarda qarashllik/tegishlilik maʼnosi yashirin tarzda ifodalanadi. Bunda subyektning predmetga ega boʻlishi zamirida ushbu predmetning shu subyektga tegishliligini anglatuvchi axborot yuzaga keladi. Bu axborot gapning semantik strukturasi orqali yashirin tarzda yuzaga chiqadi.
posessor,ega, ixtiyorida, leksema, tasarrufida, feʼl