Fikriy mustaqillikka erishish murakkab jarayon boʻlib, Oʻzbekiston mustaqillikka erishganiga chorak asrdan ortiq vaqt oʻtganiga qaramay, bolalar adabiyotiga nisbatan yondashuvlarda hali ham sovet davri adabiy qarashlari ustuvorligicha qolmoqda. Zamonaviy tendensiyalar yetarlicha oʻrganilmayotgani va amaliyotga joriy etilmayotgani, shuningdek, bozor iqtisodiyoti sharoitida bolalar adabiyotiga ikkinchi darajali masala sifatida qaralayotgani kuzatilmoqda. Aksariyat tadqiqotlarda o‘zbek bolalar adabiyotining ildizlari asosan sovet davri bilan bog‘liq tarzda talqin etilmoqda. Aslida, O‘zbek bolalar adabiyoti qachon paydo bo‘ldi? O‘zbek bolalar adabiyotining ildizlarini qayerdan va qaysi davrlardan izlash to‘g‘ri bo‘ladi? Tarixiy manbalar va adabiy yodgorliklar nuqtai nazaridan bu masalaga qanday yondashish mumkin? Sovet davrigacha ham bolalar uchun asar yozish an’anasi mavjudmidi? Mazkur maqolada ushbu savollarga javob topishga uringan holda o‘zbek bolalar adabiyotining shakllanish jarayoni, uning tarixiy ildizlari va taraqqiyot bosqichlari tahlil etildi. Ushbu tadqiqot o‘zbek bolalar adabiyotining rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatgan omillarni va yozma asarlarni tahlil qilishga va ushbu adabiy yo‘nalishning mustaqil taraqqiyot yo‘llarini aniqlashga qaratilgan.
bolalar adabiyoti, Luqmon surasi, alifbo she’rlar, “Ayyahul Valad”, “Qobusnoma”, “Bahoriston”, “Savodi ta’lim”