Abstract


The Representation of Education, Morality, and National Values in Literary Works

Kirish Jahon adabiyotida insoniyatning barcha millat va elatlari uchun birdek o‘qishli va ta’sirli asarlar talaygina. Bunday asarlar insoniyatning o‘zaro ajralmas qismatdoshligi, hamdardligi bilan bir-birini to‘ldiradi. Qadriyatlar va axloqiy qoidalar barcha madaniyatlarda birdek ifoda topgani holda, adabiyot bu umuminsoniy g‘oyalarni yoritib beradi. Adabiyot orqali millatlar o‘zlarining eng yaxshi qirralarini dunyoga namoyon qiladi. Insoniyatning madaniy xazinasida har bir millat o‘z o‘rniga ega bo‘lib, adabiy asarlar orqali bir-biri bilan muloqot qiladi. Bu muloqot nafaqat axborot, balki his-tuyg‘ular, falsafa va estetik qadriyatlarning ham almashinuvi orqali amalga oshadi. Bugungi globallashgan dunyoda qaysi mamlakatda bo‘lishidan qat’i nazar, qadriyatlar muammosi muhim ahamiyat kasb etmoqda. “Qadriyatlar muammosining falsafiy-tarixiy tahlili zaminimizda yaratilgan qadimgi naqllar, rivoyatlar, afsona, hikoyat, dostonlarga, ya’ni xalq og‘zaki ijodi namunalariga borib taqaladi. Xalq og‘zaki ijodida ko‘proq umumbashariy va umuminsoniy qadriyatlarga e’tibor berilgan, ularning mohiyati, mazmuni turlicha talqin qilingan” (Ўзбекистонда ижтимоий-фалсафий фикрлар тарихидан, 1995: 6). Badiiy adabiyotda umuminsoniy qadriyatlarning ustuvorligi asarning badiiy qimmatini oshiradi. U adabiyotni faqat go‘zal san’at emas, balki ijtimoiylik va individuallikni shakllantiruvchi vosita sifatida ham namoyon qiladi. Shuning uchun ham adabiy asarlardagi abadiy muammolar umuminsoniy qadriyatlar orqali yechim topadi. Bizningcha, badiiy asarda umuminsoniy qadriyatlar quyidagi jihatlarda namoyon bo‘ladi: birinchidan, adabiyot etik va estetik jihatdan insonlar o‘rtasidagi munosabatlar, axloqiy qadriyatlar va estetik standartlarni muhokama qilish uchun platforma yaratadi. Unda yozuvchilar inson tabiati, qadriyatlar va turmush tarzi haqidagi qarashlarini bayon qiladi. Ikkinchidan, tarixiy badiiy asarlar orqali xalqlarning tarixiy tajribalari, madaniy qadriyatlari va urf-odatlari o‘z ifodasini topadi. Bu jamiyatning o‘ziga xos qadriyatlari va ma’naviyatini yorqin namoyon qiladi. Uchinchidan, tanqid va talqin qilish orqali adabiyot jamiyatdagi ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy masalalarni yoritish, tahlil qilish uchun imkoniyat yaratadi. Bu jamiyatdagi nosog‘lom muhitni bartaraf etishga yordam beradi. To‘rtinchidan, idrok va hissiyotga ta’sir etishi jihatidan adabiyot insonlarning hissiyotlari, intuitsiyasi va dunyoqarashiga ta’sir qiladi. U qadriyatlarni shakllantirish, kitobxonlarning ruhiy va shaxsiy rivojlanishida alohida ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun ham adabiyot qadriyatlarni o‘rganish, ularni saqlash va rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi. Har qanday badiiy asar g‘oyasi etik va estetik ideal asosiga quriladi: “...estetik idealda konkret mafkuraga nisbatan umuminsoniy qadriyatlar salmoqliroq bo‘lishi lozim, shundagina badiiy asar o‘tkinchi hodisa bo‘lib qolmaydi, davrga nisbatan daxlsiz bo‘lib qoladi. Zero, asar mazmunining u yaratgan konkret ijtimoiy-siyosiy holatga qaratilgan aktual qatlami vaqt o‘tishi bilan baribir tushib qoladi. Asarni yuzada tutib qoladigan tub estetik qatlam esa umuminsoniy qadriyatlar bilan hamohangdir” (Қуронов, 2004: 48). Ana shunday davrga nisbatan daxlsiz umuminsoniy qadriyatlar aks etgan asarlar sirasiga atoqli qirg‘iz adibi Chingiz Aytmatovning “Birinchi muallim” va Luqmon Bo‘rixonning “Sirli muallim” qissalarini ham kiritish mumkin. Har ikki yozuvchi millatning urf-odatlari va qadriyatlarini bayon etish orqali o‘quvchiga oddiy odamlar va oddiy maktab muallimi hayotidan qissa so‘zlab beradi. Insonning bosib o‘tgan yo‘li va undagi mashaqqatlarni kitobxonlarga tugal yetkazib berish ijodkordan tajriba, bilim va qat’iyat talab qiladi. Bu ikki adibning barcha asarlaridagi qahramonlar taqdiri ularga begona emas, balki o‘z og‘a-inilari o‘tmishining badiiy ifodasidir. 1.Yozuvchilarning badiiy asr yaratishda aksiologik va tarixiy yondashuvlari Chingiz Aytmatov o‘tgan asrda nafaqat yashadi, balki salmoqli ijod qildi. U davrning barcha “achchiq-chuchuk”larini tatib ko‘rdi. Qismatning og‘ir zarbasiga qaramay, ilm olish, intilishdan qaytmadi, aksincha, jamiyatni ma’rifatga chorlash, da’vat qilish bilan doimiy shug‘ullandi. Ijtimoiylikdan SHAXS darajasigacha bosib o‘tgan yo‘lida u doim atrofidagi insonlardan minnatdor bo‘lib yashadi. Chingiz Aytmatov yapon mutafakkiri va adibi Ikeda Daysakuning davr, tarbiya, olamda odam bo‘lib qolish, insoniy sog‘lom fikrlash, umuminsoniy qadriyatlar, insondagi etik va estetik ideallar har qanday mafkurani rad etishi haqidagi mulohazalariga shunday javob beradi: “...Mening eng katta baxtim – bolaligimda totalitar ta’limotni yurakdan qabul qilmagan odamlarni uchratganimda. Ular menga o‘z mardligini tuhfa etishdi, har qanday holatda ham, hamma narsadan o‘z insonlik qadr-qimmatini baland qo‘yuvchi odam bo‘lish va hamisha shunday bo‘lib qolishni o‘rgatishdi. Men hech qachon qishloq maktabidagi o‘qituvchimning ta’sirli so‘zlarini unuta olmayman: “Otangning ismini aytayotib, hech qachon ko‘zingni yerga qaratma!” Gap shundaki, otam To‘raqul Aytmatov repressiya qilinib, 1937-yilda qatl etilgan. Oilamiz esa chekka ovulda yashirinib yashashga majbur edi. Shu dars men uchun unutilmasdir” (https://uza.uz/uz/posts/ chingiz-aytmatovning-songgi-iqrorlari_388779). Chingiz Aytmatovning ilk qissalarini birinchi bor o‘zbek tiliga tarjima qilgan Asl Rashidov: “To‘raqul og‘aning jo‘shqin hayoti Chingiz Aytmatovning “Birinchi muallim” qissasidagi Duyshen timsolida o‘zining quyma ifodasini topgan”, – deb ta’kidlaydi. Munaqqid “Chingiz Aytmatov olami” monografiyasida “Birinchi muallim” qissasini tahlil qilar ekan, Chingiz Aytmatovning yaponiyalik kitobxonga yo‘llagan xatidan keltirilgan quyidagi parchaga alohida diqqat qaratadi: “Men... – Duyshenni yo‘q yerdan o‘ylab topgan emasman. Duyshen – tarixiy namoyanda, shu ma’nodaki, bunday odamlar inqilob yillarida hayotda ozmuncha emasdi. Yanada aniqroq qilib aytadigan bo‘lsam, men, yozuvchi sifatida o‘z Duyshenimni ana shu ko‘pchilik orasidan tanlaganman. Keyin qissa dunyo yuzini ko‘rgach, tanlovim hayotiy asosli bo‘lganligiga qanoat hosil qildim. Kitobxonlar turli yoqlardan menga xat yo‘llab, aynan Duyshenday bir muallim ovulda birinchi maktab ochganligi, aynan u o‘z yo‘lidan qaytmas inson bo‘lganligi to‘g‘risida yoza boshladilar. Hatto shunday paytlar ham bo‘ldiki, meni allaqachon nafaqaga chiqqan keksa “birinchi muallimlar” huzuriga yetaklab borishar, aynan mana shu keksa muallim mening Duyshenim ekanligini aytib, ishontirishga urinishardi. Va o‘sha yillardagi birinchi qirg‘iz muallimlari bilan qilgan suhbatlarim chog‘ida ularning aksariyati har biri, chindan ham, o‘ziga xos “Duyshen” ekanligi hamda yoshliklarida qanday bo‘lsa, hozir ham xuddi shunday bo‘lib qolayotganliklariga imonim komil bo‘ldi” (Asil_Rashidov._Chingiz_Aytmatov_olami.pdf). Chingiz Aytmatovning o‘smirlik davri Ikkinchi jahon urushining shafqatsiz sinovlarini o‘z boshidan kechirish, urushdan keyingi siyosiy va ma’naviy hayotda yashab qolish, o‘zidan boy ma’naviy meros qoldirish bilan o‘tdi. Qahramonlari oddiy odamlar, asarlari syujeti oddiy ijtimoiy-maishiy muammolarga qurilgan bo‘lsa-da, ularning zalvori dunyolarga tatiydi. Ch.Aytmatov adabiyotga yangicha ruh va yangicha xarakter olib kirdi. Uning asarlari insonni o‘zini hurmat qilish, o‘z ustida doimiy izlanishga chorlaydi. Adib o‘zi his qilgan va boshidan kechirgan kechinmalarni kitobxonga taqdim etdi. Yozuvchining badiiy qadriyatlari uning taqdiri bilan chambarchas bog‘liq ekanini inkor eta olmaymiz. Shumqismat uning bolaligini o‘g‘irladi, otasidan erta ayirdi. Ehtimol, shu sababli u yaratgan qahramonlar yetim, o‘gay, tashlandiq yoki yolg‘iz obrazlar qiyofasida gavdalanadi. Yozuvchining badiiy asr yaratishda aksiologik va tarixiy yondashuvlarni yaxshi his qilganligi uning ijodini chuqur tushunish imkonini beradi. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, shunday asarlar borki, ularning qiymati estetik qadriyatlarning tarixiy bahosidan kelib chiqadi. Ba’zi asarlar ma’lum davr uchungina estetik qimmatga ega bo‘lib, vaqt o‘tishi bilan o‘z ahamiyatini yo‘qotadi. Lekin yaxshi asar olmosdek qimmatli bo‘lib, vaqt o‘tgan sari qiymati ko‘tariladi. Chingiz Aytmatovning asarlari ham shunday. Ularni o‘z davrida butun dunyo kitobxonlari sevib o‘qishdi va hozirgi XXI asr kitobxoni uchun ham ularning qiymati saqlanib qolmoqda. Uning shaxsiy qarashlari va hayotiy tajribalari badiiy qadriyat sifatida muhrlandi. Yozuvchi ijodi insonning barcha ijobiy va salbiy fazilatlarini namoyon qiladi va asosiy maqsadi oliyjanob inson, axloqiy xislatlarga boy shaxs obrazini ko‘rsatishdir. Ch. Aytmatov “Birinchi muallim” qissasida barcha ijobiy qadriyatlarni o‘zida mujassam qilgan muallim obrazini yaratib, kitobxonga yangilikni qabul qiluvchi, toza qalbli, metin bardoshli, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashuvchi, mard va jasur inson qiyofasini tanishtirdi. Duyshen obrazi nafaqat turkiy xalqlar, balki o‘zbek adabiyotida ham muruvvatpesha muallim timsolida kitobxonlar qalbida chuqur joy egalladi. “Birinchi muallim” asari qirg‘iz madaniyati, xalqqa xos urf-odatlar, ijtimoiy hayot tarzi va e’tiqodlar bilan bog‘liq milliy jihatlarni o‘zida aks ettiradi. Asarda ustoz va shogird odobi kabi muhim milliy qadriyatlar ochib berilgan. Adib asar kompozitsiyasini shogird qizning xati asosida qurgan bo‘lib, Duyshenning hayot yo‘li, eski maktab va shogirdi Oltinoyning iqrorlari qissa fabulasini tashkil etadi. Hayotiy syujetlar qahramonlar qismati ishonarli chiqishiga xizmat qiladi va bu kitobxonni befarq qoldirmaydi. Duyshendek ilm-ma’rifat tarqatuvchi fidoyi insonning borligi chekka ovulning eng katta baxti ekanligi to‘g‘risidagi bu qissa muallimning kelajak avlod oldidagi mas’uliyatini yorqin ifoda etadi. Chingiz Aytmatovning “Birinchi muallim” qissasi roviy – rassom yigit tilidan hikoya qilingan. U orzu-umidlarini xalqqa yetkazish uchun tasvir san’atini qo‘llashga harakat qiladi, lekin oxir-oqibat bu voqeani bo‘yoqlar bilan emas, badiiy so‘z orqali bayon qilishni ma’qul ko‘radi. Ovul ustidagi tepalikda joylashgan ikki yonma-yon qo‘shterak uning diqqatini doim o‘ziga tortar edi. Bu qo‘shteraklarning ovulning barcha tomonidan ko‘rinishida o‘ziga xos ramz yashirin. “Ovulimiz tepasidagi adirda ikkita ulkan terak bo‘lardi. Men ularni esimni taniganimdan beri bilardim. Ular hali-hamon savlat to‘kib turibdi. Qachon qaramang, ovulimizga qaysi tomondan kelmang, avvalo, ko‘zingiz ana shu qo‘sh teraklarga tushadi. Ular xuddi tog‘lardagi mash’allar yanglig‘ ko‘z o‘ngingda namoyon bo‘ladi” (Айтматов Ч. Танланган асарлар, 2021: 196). Bu qo‘shteraklar muallim va o‘quvchi qizning kelajakka bo‘lgan umidi va ishonchi ramzidir. Qissa ta’lim va ma’rifatning ahamiyati, shu orqali inson hayotidagi roli va ta’sirini ko‘rsatadi. Asardagi asosiy qahramon – birinchi muallim Duyshen o‘zining bilim va tajribasi orqali yosh avlodni tarbiyalashga harakat qiladi. Uning savodi haminqadar bo‘lsa-da, bolalarni ilmli qilish uchun bor kuchini sarflashga tayyor. Duyshenning mehnati, fidokorligi va bilimga bo‘lgan muhabbati o‘quvchilar hayotida katta o‘zgarishlar yasaydi. Amakisining qaramog‘ida qolgan o‘n to‘rt yoshli yetim qiz Oltinoyning shaharda ta’lim olib, akademik darajaga yetishishida Duyshenning fidoyiligi muhim rol o‘ynaydi. Jaholat qurboniga aylangan Oltinoy yorug‘likka intildi va uni shu yo‘lga Duyshen yetakladi. 2. Тa’lim va ma’rifatning o‘rni insoniyatning ma’naviy kamolotiga xizmat qilishi Bizga ma’lumki, qadim-qadimdan ayollarning ta’lim olishi oson bo‘lmagan. Qissa aynan shu mashaqqatli yo‘lni ham badiiy ifoda qiladi. Duyshenning otxonani maktabga aylantirish rejasi o‘sha davr kishilari orasida norozilikka sabab bo‘ladi. Duyshenning ovulda maktab ochish, yoshlarni o‘qitish maqsadida aholi bilan o‘tkazgan ilk majlisda uning fikri ma’qullanmadi. Ovuldagi savodsizlik Duyshenning rejalarini tushunish va qo‘llab-quvvatlashga yo‘l qo‘ymadi. “Maktab”, “o‘qish” so‘zlari mohiyatini u zamonlarda kamdan-kam odam tushunardi. Duyshen ana shunday kamdan-kam odamlar qatorida edi. U o‘z fikrida qat’iy turdi va hatto siyosiy kontekstdan foydalanib, maktab ochishga erishdi. Satimqul tajanglardek savodsiz kishilarning noroziligi Duyshenni qo‘rqitmadi. U jamiyatdagi an’anaviy to‘siqlarni yengib o‘ta oldi. “Duyshen qat’iyatli, tirishqoq, metin irodali zahmatkash yigit bo‘lganligi uchun ham kelajakka zo‘r ishonch bilan qaraydi, o‘z ishini jon-dildan sevadi, qanday bo‘lmasin, ovuldoshlarining kamsitishu haqoratlariga qaramay, ularning bolalari uchun ilm-irfon zarurligini, „ulug‘ martabali kishilar bo‘lib yetishishi“ni sabr-toqat bilan tushuntiradi, jonbozlik ko‘rsatadi” (https://lib.utu-ranch.uz/media/files/2024/08/02/Asil_Rashidov._Chingiz_Aytmatov_olami.pdf). “Birinchi muallim” qissasi davr o‘zgarishi insonlar dunyoqarashi va hayot tarziga qanchalik ta’sir etgani to‘g‘risida badiiy hujjat bo‘lib qoldi. Duyshen obrazi umuminsoniy ahamiyatga ega bo‘lib, uning faoliyati jamiyatda ta’limga bo‘lgan e’tiborni o‘zgartirish yo‘lidagi kurash sifatida qabul qilinishi mumkin. Chingiz Aytmatov o‘z asarlari orqali ta’limning inson hayotidagi ahamiyati va jamiyatning rivojlanishidagi rolini yaqqol ko‘rsatib berdi. Asar qahramonlarining ichki monologlari insonning ichki dunyosi, ma’naviy qadriyatlari va ularning jamiyatga ta’siri haqida ham gapiradi. “Birinchi muallim” qissasi turkiy xalqlar adabiyotidagi klassik asarlardan biri bo‘lib, yoshlarga bilim olish, mehnat qilish va o‘z orzularini amalga oshirish uchun ilhom beradi. Bu asar ta’lim va ma’rifatning turkiy xalqlarning har bir xonadoniga kirib borishidagi ahamiyatini eslatib o‘tadi. Ichiqora, surbet yanganing zolimligi jaholatning ramzi bo‘lsa, Duyshenning o‘quvchi qiz taqdiriga befarq qarab turolmasli jamiyatdagi gender tenglik, ayolning jamiyatdagi o‘rni va bilim olishga nisbatan kurashlarning XX asr boshida dolzarbligini ham namoyon qiladi. Oltinoyning jaholatdan ma’rifatga intilishi uni o‘sha botqoqdan qutqaradi. “ – Eee isqirt, hayvon! Maktabda o‘ynash topganmisan, maktabing bilan qo‘sh mozor bo‘lgur! – yangam jazavasi tutgancha qulog‘imni burab, boshim, ko‘zim aralash savalay ketdi. – Yaramas, yetimcha – yetti ko‘cha! Bo‘ri bolasi it bo‘lmas, deydilar. Odamlarning bolasi uyga tashisa, sen bo‘lsang uydan chetga tashiysan. Yana maktab haqida so‘z ocha ko‘r-chi, oyog‘ingni sindirib, maktab qanaqa ekanligini ko‘rsatib qo‘yaman... Men baqirib yuborishdan o‘zimni tiyib, miq etmasdan turaverdim. Keyin o‘choqqa o‘tin tashlab, kulrang mushugimni silab, unsiz yig‘lagancha ko‘z qirimni tashlab, shumshayib o‘tiraverdim. Mushugim esa har gal yig‘laganimni sezib turganday, darhol tizzamga kelim o‘tirib olardi. Men yangamning do‘q-po‘pisalaridan yig‘laganim yo‘q, ularga allaqachon ko‘nikib qolgan edim, balki u endi meni hecham maktabga yubormay qo‘yadi, degan xayolda yig‘ladim...” (Айтматов, 2021: 208) Shunday qiyin sharoitda maktabga borishi va bilim olish istagi uni ko‘p yillardan keyin ovuldagi yangi maktabning sharafli mehmoni bo‘lishga muyassar qiladi. Chingiz Aytmatovning “Birinchi muallim” qissasi mazmunining tub estetik qatlami asar umrboqiyligini ta’minlagan. Asarda “ustoz va shogird”, “ta’lim va tarbiya”, “ma’rifat va jaholat”, “mehr va muruvvat”, “sevgi va nafrat”, “ezgulik va yovuzlik”, “zulim va adolat” kabi mangu umuminsoniy qadriyatlar yuksak mahorat bilan tasvirlangan. O‘zbek millati tarixida ham muallim shaxsi alohida qadrlanadi va ulug‘lanadi. Xalqning ustozga otadek yuksak ehtirom ko‘rsatishdek qadriyatlari haligacha amal qilib keladi va bu millat adabiyoti sahifalariga ham ko‘chgan. O‘zbek adabiyotida muallim obrazi azaldan yirik ijtimoiy o‘zgarishlar va madaniy rivojlanish jarayonlarida shakllana boshlagan. Barcha davrda muallim xalqni ma’rifatga yo‘llovchi, qiyinchiliklarni yengish yo‘lida ilm-fan va madaniyatni targ‘ib etuvchi figura sifatida ko‘rsatilgan. Uning obrazida xalq uchun ma’rifatparvarlik, fidoyilik, samimiylik va sabr-toqatni aks ettiruvchi xususiyatlar bo‘y ko‘rsatgan. O‘zbek adabiyotida muallim obrazini Sadriddin Ayniy, A.Qodiriy, Parda Tursin, A.Qahhor kabi mashhur yozuvchilar o‘z asarlarida badiiy ifoda etdi. Xususan, Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon” romanidan o‘rin olgan xonlik manzaralarida jamiyatdagi ichki va tashqi kurashlar, maktab va oila munosabatlari, muallim va maktabdor hamda axloq masalalari mujassamlashtirilgan. Parda Tursunning “O‘qituvchi” romanida Elmurod obrazi orqali o‘zbek ziyolisi – muallimining hayot va kurash yo‘li badiiy hujjat sifatida tasvirlangan. Romanda muallim obrazining tarbiyaviy roli, ularning bilim va axloqiy qadriyatlarni o‘quvchilariga singdirishdagi o‘rni o‘zining yuksak badiiy ifodasini topgan. Asarda muallim faqatgina bilim beruvchi emas, balki o‘quvchilariga hayotiy tajriba va ma’naviy qadriyatlarni ham ulashuvchi shaxs sifatida gavdalanadi. Bu kabi tasvirlar bugungi kitobxonni befarq qoldirmaydi. Zamonaviy adabiyotda esa bu an’anani Shukur Xolmirzayev, Erkin A’zam, Shoyim Bo‘tayev, Luqmon Bo‘rixon kabi yozuvchilar davom ettirib, muallim obrazini “Olabo‘ji”, “Kechirasiz o‘rtoq muallim”, “Sho‘rodan qolgan odamlar”, “Sirli muallim” asarlarida mahorat bilan gavdalantirishdi. Luqmon Bo‘rixon “Sirli muallim” qissasida o‘ziga xos luqmonona kinoyani qo‘llab, o‘zi yashagan hudud maktablaridagi ta’lim jarayonini jonli tarzda tasvirladi. U muallimlik kasbi va uning jamiyatdagi qadriga alohida urg‘u berib, muallim obrazini shaxsiy kuzatishlari asosida yaratdi. Asar qahramoni Najot G‘aybulla muallimlik kasbini o‘z hayotiy missiyasi deb biladi. U jamiyatda o‘z o‘rnini izlayotgan muallim timsolida gavdalanadi. Najot o‘quvchilarni davr bilan hamnafas yashashga undaydi va jamiyatdagi o‘zgarishlarga mos maktab hayotida ham yangilik bo‘lishini istaydi. Qissa muallimlik kasbi, uning jamiyatdagi roli va qadr-qimmati, o‘quvchi kamolotidagi o‘zgarishlar haqida o‘ylashga undaydi. Yozuvchi, an’anaga ko‘ra, aksar asarlarida bo‘lgani kabi bu qissani ham Abdulla Oripov ijodidan olingan epigraf bilan boshlaydi. Darhaqiqat, muallim kamolotga yetaklovchi muhim vosita hisoblanadi; u shogirdlar yo‘lini yorituvchi sham kabidir. Ushbu qissada Luqmon Bo‘rixon asarlarining aksariyat qahramonlari jamlangan bo‘lib, ular uning asarlaridan asarlariga ko‘chib yuruvchi obrazlardir. Najot G‘aybullaning muallim bo‘lish orzusi uni maktab hayotiga olib kiradi. Muallimlik kasbining sharafli, mashaqqatlari unga ilhom beradi. Qissa qahramonlari qismatida ta’lim va ma’rifatning o‘rni insoniyatning ma’naviy kamolotiga xizmat qilishi haqida so‘z boradi. Luqmon Bo‘rixon muallim obrazi orqali ta’limning ahamiyati, jamiyatda roli va insonlar hayotiga ta’sirini mohirlik bilan ko‘rsatadi. Muallif xalq og‘zaki ijodidan nihoyatda samarali foydalanadi. Qissada muallim obrazi sirli va o‘ziga xos, nodir inson sifatida namoyon bo‘ladi. U xuddi ertak qahramonlari kabi boshqalardan farqli, betakror bir shaxsdir. Uning maktab hayotida paydo bo‘lishi nafaqat o‘quvchilarning shaxsiy rivojlanishiga katta ta’sir ko‘rsatadi, balki hamkasblari hayotiga ham yangilanishlar olib kiradi. Najot G‘aybullaning sirliligi va ta’lim jarayoniga yangicha yondashuvi o‘quvchilarning bilim darajasi o‘sishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Uning o‘ziga xos pedagogik metodlari tez fursatda maktab ma’muriyati tiliga tushadi. Hamkasblarining maktublari, o‘z navbatida, qissaning yo‘nalishini belgilaydi. Ular orasidagi munosabatlar va yangi muallimning ta’lim sifatiga munosabati asarning muhim jihatlaridan biridir. 3. Qissaslarda muallim obrizining badiiy ifodasi Luqmon Bo‘rixonning “Sirli muallim” qissasi o‘qituvchilik kasbi va ta’lim sohasidagi ijtimoiy masalalarni keng qamrab olishi bilan ajralib turadi. Asar markazida Najot G‘aybulla nomi bilan tanilgan o‘qituvchi obrazi muhim o‘rin egallaydi. Uning hayoti, mehnat faoliyati va ta’lim falsafasi orqali yozuvchi ta’limning ahamiyati va muallimlikning ma’naviy qadriyatlarini alohida ta’kidlaydi. Najot G‘aybullaning fidoyiligi, hamkasblaridan ajralib turishi, shubhasiz, ta’limda u kabi yosh, mas’uliyatli, bilimli va o‘z kasbini sevuvchi muallimlarga hamisha ehtiyoj borligini ko‘rsatib beradi. Uning harakatlari, xususan, o‘quvchilarga yaqin bo‘lishi va hamkasblar hayotiga ta’sir etishi nafaqat bilim berish, balki ijtimoiy va ma’naviy muammolarga yechim izlashda ham muhim rol o‘ynaydi. Asar voqealari markazida maktab hayoti turadi. Unda Najot G‘aybulladan tashqari boshqa o‘qituvchilarning fidoyiligi va kasb mahoratlariga keng o‘rin berilgan. Qissa tuman markazidan kelgan muxbir yigit izlanishlari o‘laroq yuzaga keldi. U tergovchi stolidagi barcha tushuntirish xatlari bilan kitobxonni tanishtiradi. Kitobxon beixtiyor odatdagi maktab muhiti, shuningdek, bu muhitga yangi qon bo‘lib kirib kelgan Najot G‘aybullani o‘z ko‘zlari bilan boricha tanib oladi. Yangi qadriyat eski qadriyat bilan to‘qnashadi. “Bir payt bo‘sag‘amga bir sharpa ko‘ndalang bo‘ldi. Shartta bosh ko‘tarib qaradim. Qaradim-u, beixtiyor o‘rnimdan turib ketdim. “Taftishchi-yov?! – lip etib o‘tdi xayolimdan. Bunday o‘y kallamga behuda urilmadi. Axir bo‘sag‘ada baland bo‘yli, kelishgan, yap-yangi, qimmatbaho kostyum-shim, oppoq ko‘ylak kiygan yigit turar edi. Yuz-ko‘zlaridan allanechuk nur yog‘iladi. – Assalomu alaykum, domla, – dedi u qiroat bilan. – Kirishga mumkinmi? – Keling, keling… Ko‘zlarimni notanish yigitdan uzolmay qoldim. Haligi… Hollivudmi-yey, Gollivudmi-yey, degan joylarning kinoartistlariga o‘xshaydi. Ko‘zlari chaqnab turibdi, lablarida nimtabassum. Yoshi nari borsa o‘ttizlarda. Meni xayol qurg‘ur har yoqlarga olib qochadi. Ishqilib, tinchlik bo‘lsin-da! Kim ekan bu? Chet ellikmi deyman? Bizning ovloq posyolkamizda nima qilib yuribdi? Yo ijaraga joy izlab yurgan tadbirkormikan? Biror kichik korxona ochmoqchidir? Ana, tuman markazidagi qaysidir maktab shunday ishbilarmonlarga o‘quv korpusining bir bo‘lagini ijaraga topshirib maza qilib yurishibdi-ku! Rahbariyat ham o‘shalarni maqtaydi. Xudo bizga ham “ol, qulim” deb, yubordimikan?! Yigit men ishora qilgan stulga o‘tirib, qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi. – Uzr, domla, bezovta qildim. Siz direktor bo‘lsangiz kerag-a? Men hayajon bilan bosh irg‘ab, o‘zimni tanishtirdim. – Men Najot G‘aybullaman, – deya gap boshladi yigit. – Tuman markazidan keldim. – Xush kelibsiz, xush ko‘rdik. – Men… – Najot G‘aybulla bir oz kalovlanib yerga qaradi. – Men ish izlab keldim. O‘qituvchiman. “Fu-u…” – shu lahzadayoq hafsalam pir bo‘ldi-qoldi; es-hushim darrov joyiga qaytib, hadik-hayajonlar tarqadi-ketdi” (https://ziyouz.uz/ozbek-nasri/luqmon-borixon/lu-mon-burihon-sirli-muallim-issa/). Ushbu parchadan ko‘rish mumkinki, Najot G‘aybullaning o‘qituvchi bo‘lib kelishi maktab direktori Q.Qalqonovning hafsalasini pir qiladi. Uning muallimlik kasbiga munosabati shu kabi ichki konfliktlarda ishonarli dalillangan. Muallim obrazining murakkabligi o‘quvchi Zokirning “mafiya” bo‘lish orzusi va yoshlarning ma’naviy qadriyatlari haqidagi o‘ylarida aniq ko‘zga tashlanadi. Muallif maktab o‘quvchilarining muallimlikka bo‘lgan munosabatini to‘g‘ri shakllantirish zarurligi, shuningdek, yoshlar orasida muallimning ijobiy obrazini qayta tiklash muhimligini ta’kidlaydi. O‘quvchilarning orzulari va kelajakdagi rejalari orqali jamiyatdagi ma’naviy va ijtimoiy hayot aks ettiriladi. Luqmon Bo‘rixon qissadagi ijtimoiy muhit, ya’ni maktab, muallimlik kasbi, jamiyatdagi o‘zgarishlar va ma’naviy taraqqiyotni Najot G‘aybulla va har bir personajning ichki monologlari, hatto kichik sinf o‘quvchilarining tashqi olamga munosabati, fikrlari, hayotiy falsafasi orqali ko‘rsatadi. Bu maktabda o‘qituvchilarning o‘z ishini sevmasligi ta’lim sifatiga ta’sir ko‘rsatadi. Luqmon Bo‘rixon bu muammoni kinoyaviy badiiy modusda ifodalaydi. Tergovchi stolidagi qator tushuntirish xatlari orqali o‘qituvchilar xulqi, o‘quvchilarga munosabati va umumiy maktab atmosferasini ko‘rsatish bilan yozuvchi ta’lim jarayonidagi muammolarga alohida urg‘u bergan. Bu esa muallifning katta mahorat egasi ekanini ko‘rsatadi. Yangi muallimning xatti-harakatlari va uning hamkasblari hayotidagi ahamiyati asarning muhim elementlaridan biridir. Najot G‘aybulla obrazi orqali yozuvchi faqat bilim beruvchi emas, balki insonlarni ma’naviy va ijtimoiy jihatdan tarbiyalovchi Shaxsni ko‘rsatib berishga harakat qiladi. Asarda Nozima obrazi orqali ta’limning samaradorligi va undagi muammolar ko‘rsatilgan. Nozima zamonaviy ta’limda faoliyat olib borishga harakat qilsa-da, eski an’analar bilan bog‘liq muammolarni anglashga tayyor bo‘lmagan qiz sifatida o‘quvchilarga ta’lim tarbiya berishi assotsiativ ma’no tashiydi. Uning maktabdagi faoliyati ta’limdagi nosog‘lom muhit ildizlarini aks ettiradi. Qissada davr o‘zgarishlari, ya’ni ta’lim tizimidagi ijtimoiy muammolar, ta’lim-tarbiya masalalariga ota-onalarning munosabati alohida ta’kidlangan. Luqmon Bo‘rixon Najot G‘aybulla obrazi orqali ta’limning ijtimoiy ahamiyati va o‘qituvchilarning o‘z kasbiga sadoqati, mas’uliyatini yanada ochiq va ravshan aks ettirgan. Luqmon Bo‘rixonning “Sirli muallim” asari faqat o‘qituvchilik kasbi haqida emas, balki ijtimoiy munosabatlar, qadriyatlar va ta’limning inson hayotidagi ahamiyati haqida fikr-mulohaza qilishga undovchi asardir. Yozuvchi Najot G‘aybulla obrazi orqali insoniylik va fidoyilik fonida umuminsoniy muammolarni yaqqol ko‘rsatadi. Qissa har bir insonning ta’limga, jamiyatga va o‘z vazifasiga bo‘lgan munosabati qanday bo‘lishi kerakligi to‘g‘risidagi muhim savollarni o‘rtaga tashlaydi. Kitobxonlar “Sirli muallim” qissasini o‘qib, maktab ta’limi nafaqat bilim berish, balki o‘quvchilarni tarbiyalash va jamiyatni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega ekanligini chuqur va teran his qiladi. Xulosa Chingiz Aytmatovning “Birinchi muallim” va Luqmon Bo‘rixonning “Sirli muallim” qissalari ta’lim, qadriyatlar va inson hayotida muallimning roli haqida hikoya qiladi. Qissalardagi oddiy qishloq muallimlarining kundalik turmush tarzi voqealari orqali ko‘plab murakkab mavzular tahlil qilinadi. “Holbuki, badiiy asrning matn yuzida ko‘rinib turgan, maqsadlari bilan bir qatorda undan tashqari, shu matn zamirida ochiq namoyon bo‘lib turmagan, lekin yozuvchining badiiy niyatlarini aks ettirishda muhim rol o‘ynovchi xususiyatlar ham shubhasiz bo‘ladiki, ana shu jihatlarni, muallifning asl maqsadlaridan ko‘p ham uzoqlashmagan ravishda aniqlash va ilmiy dalillangan suratda yoritish, bir jihatdan, yozuvchi mahoratini ko‘rsatish, ikkinchi bir jihatdan, asarning asl qimmatini anglash va his etishda alohida o‘rin tutadi” (Назаров, 2021: 314). “Birinchi muallim” qissasining XX asr boshidagi ahamiyati XXI asrda ham qayta aktuallashuvi tub estetik qatlamda inson va uning kamolot yo‘lining jonlantirilishi bilan bog‘liqdir. Luqmon Bo‘rixonning “Sirli muallim”, Chingiz Aytmatovning “Birinchi mallim” qissalarining mohiyati ham tub estetik qatlamning mushtarik jihatlarida oydinlashadi. Birinchidan, inson hayotida muallimning o‘rni muammosi alohida diqqatga sazovor. Qissa markazidagi muallim obrazi ta’lim va tarbiyaning jamiyatdagi ahamiyatini namoyon etadi. Muallim nafaqat bilim beruvchi, balki kelajak avlodlarni tarbiyalovchi shaxs hisoblanadi. Uning mehnati orqali yoshlarning dunyoqarashi shakllanadi va axloqiy me’yorlari belgilanadi. Har ikkala yozuvchi ham muallim obrazini jamiyatning oliyjanob va qadrli shaxsi sifatida ko‘rsatadi. Ikkinchidan, axloqiy qadriyatlarning aks etishi mavzusi muhim ahamiyatga ega. Mualliflar “Birinchi muallim” va “Sirli muallim” qissalarida axloqiy qadriyatlarni insonni oliy maqomda tutib turuvchi vosita sifatida keng yoritadi. Asarlarda insonlarning samimiyligi, bir-biriga yordam berishi, mehnatga muhabbat hamda o‘qituvchilarning o‘z kasbiga bo‘lgan mas’uliyati mavzulari ochib berilgan. Har ikki qissada muallimning mehnati va u yosh avlodlarga o‘z bilimlarini berishdagi sadoqati axloqiy nuqtayi nazardan juda katta ahamiyatga ega ekanligi ishonchli dalillanadi. Uchinchidan, milliy qadriyatlar azaliy mavzusi sanaladi. Qirg‘iz va o‘zbek xalqlarining urf-odatlari, an’analari va qadriyatlari asarlarda muhim o‘rin tutadi. Ushbu qadriyatlar orasida vatanparvarlik, oilaparvarlik, inson va uning qadr-qimmati eng oliy qadriyat sifatida ko‘rsatiladi. “Birinchi muallim” qissasida ma’naviy rivojlanishda xotin-qizlarning qadri va qimmatini ko‘tarishdagi muhim bosqichlar o‘z ifodasini topgan bo‘lsa, “Sirli muallim” qissasida muallim obrazi orqali jamiyatdagi nosog‘lom muhitning negizi, sabablari va oqibatlari kinoyaviy uslubda tasvirlangan. To‘rtinchidan, ijtimoiy munosabatlar mavzusi hamisha dolzarbdir. Qissalarda ijtimoiy munosabatlar va insonlar o‘rtasidagi aloqalar mukammal va mahorat bilan yoritilgan. Odamlar o‘rtasidagi munosabatlar, ularning har qanday vaziyatda bir-birini to‘g‘ri tushunishlari juda muhim ahamiyatga ega ekanligi ko‘rsatiladi. Ushbu munosabatlarda muallim obrazi atrofida sodir bo‘layotgan voqealar, uning kasbiga munosabati, bilim berish va uni qadrlaydigan insonlar bilan bog‘liq jarayonlar alohida o‘rin tutadi. Beshinchidan, syujet va konfliktlardagi umumiy jihatlar mushtarakligi. Qissalardagi syujet rivoji, qahramonlar o‘rtasidagi konfliktlar, ularning ichki muammolari va kurashlari inson tabiati va axloqiy qarorlar haqida o‘ylanishga majbur qiladi. Muallimning jaholatga qarshi turishi, jamiyatdagi ijtimoiy muammolarga qarshi kurashi, oilaviy hayotdagi ko‘plab ziddiyatlar inson ruhiyatini keng tahlil etish imkonini beradi. Xulosa qilib aytganda, Chingiz Aytmatovning “Birinchi muallim” va Luqmon Bo‘rixonning “Sirli muallim” qissalari ta’lim, axloq va milliy qadriyatlar haqida teran fikr-mushohada qilishga undovchi asarlardir. Ushbu qissalar jamiyatning rivojlanishi hamda insonning shaxsiy va ruhiy rivojlanishida muallimning rolini ta’kidlaydi. Qissalardagi qahramonlar va ularning iqrorlari orqali ko‘plab muhim ijtimoiy va ma’naviy masalalar ko‘tariladi. Har ikki yozuvchi o‘z asarlari orqali oqilona va gumanistik qarashlarni namoyon etadi, bu esa ular asarlarining adabiy va badiiy qimmatini oshirib, ming yillar davomida qo‘lma-qo‘l o‘qilishiga sabab bo‘laveradi.



Keywords

muallim obrazi, milliy qadriyat, ta’lim, axloq.


Kaynakça